Kelishik qo’shimchalari uslubiyati

Darsning  mavzusi: Kelishik  qo’shimchalari uslubiyati

Darsning maqsadi: a) ta’limiy maqsad: o’quvchilarga kelishik shakllari va ularning o’ziga xos uslubiy shakllari haqida ma’lumot berish, o’tilgan mavzularni mustahkamlash,  fanga oid nutqiy va lingvistik kompetensiyalarni shakllantirish;

b) tarbiyaviy maqsad: o’quvchilarni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularni ona tilini sevishga o’rgatish, insoniy fazilatlarni kamol toptirish, mehnatsevarlik va rostgo’ylikka o’rgatish, kommunikativ, ijtimoiy faol fuqarolik, milliy va umummadaniy hamda matematik savodxonlik tayanch  kompetensiyalarini shakllantirish;

s) rivojlantiruvchi maqsad: o’quvchilarning og’zaki va yozma  nutqini rivojlantirish, dunyoqarash va tafakkurini o’stirish, mantiqiy fikrlashga o’rgatish, axborotlar bilan ishlash va o’zini o’zi rivojlantirish kompetensiyalarini shakllantirish.

Dars turi: yangi tushuncha va bilimlarni shaklantiruvchi, o’quvchilar bilim, ko’nikma va malakalarni  rivojlantiruvchi, umumlashtiruvchi.

Dars shakli: suhbat, savol-javob

Dars usullari:  “12 X 12” ,  “Faollashtiruvchi cho’plar” , “O’zing angla”,  “Tarbiyadan ta’limga”, “Savodxonlik daqiqasi”  kabi interfaol usullar.

Darsda foydalanilgan  jihozlar: 10- sinf ona tili darsligi, ko’rgazmali qurollar, tarqatma materiallar, kompyuter, videoproyektor, ekran, slaydlar, yopishqoq belgilar (stiker).

Fanlararo bog’lanish: adabiyot, tarix, geografiya, matematika, milliy istiqlol g’oyasi, texnologiya, ingliz tili, rus tili, sport.

Dars shiori: Bugungi kun bizniki, marra bizniki!

                           Darsning taqsimlanishi:

T/R Dars  bosqichlari Vaqti
1. Tashkiliy qism  “12X 12” usuli 5 minut
2. O’tilgan mavzularni mustahkamlash “ Faollashtiruvchi cho’plar” 10 minut
3.           Yangi  mavzuni tushuntirish  “ O’zing angla” 15 minut
4. Yangi mavzuni mustahkamlash “Tarbiyadan ta’limga”, “Savodxonlik daqiqasi” 10 minut
5. Baholash  va rag’batlantirish 3 minut
6. Uyga vazifa berish Minut

Tashkiliy qism : salomlashish, davomatni aniqlash, o’quvchilar va sinf xonani darsga tayyorlash.

Dars avvalida darsning oltin qoidalari o’qituvchi tomonidan eslatib o’tiladi va slaydda namoyish  etiladi. Shuningdek,  o’qituvchi tomonidan dars jarayonidagi baholash tizimi e`lon qilinadi. Darsda o`quvchilar ishtirokini baholashda “Mening do`stim bebaho” usulidan foydalanamiz. Bunda do`stga to’g’ri va xolis baho berish talab etiladi. Har bir o’quvchiga bittadan oq qog’oz beriladi hamda partaga yopishqoq belgilar(stiker) qo’yiladi. O’quvchilar ishtirokiga qarab, oq qog’ozga yopishqoq belgilar yopishtirib boriladi.Dars so’ngida yopishqoq belgilar sanaladi, darsning eng faollari e’lon qilinadi.

Tashkiliy  qismda  “12X 12” usulidan foydalanamiz. Bu usul sana bilan bog’liq bo’lib

( 12-mart kuni o’tilishi hisobga olingan), o’quvchilar  12 raqami bilan bog’liq 12xil ma’lumot aytishadi. (Fanlarga yoki o’qilgan badiiy asarlar bilan bog’liq bo’lishi mumkin).

  1. O’zbekistonda 12 ta viloyat bor.
  2. “Mehrobdan chayon “ romanida  Anvar  12yoshida 3-oilani ko’rgan.
  3. 12-aprel – Butunjahon  aviatsiya va kosmonavtika kuni.
  4. 12-may – Xalqaro hamshiralar kuni.
  5. Asqad Muxtor  oilada  12 farzandning  uchinchisi bo’lgan.
  6. 12- avgust – O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati tashkil topgan kun.
  7. Bayrog’imizda  12 yulduz rasmi aks etgan.
  8. O’n ikkining bo’luvchisi oltita.
  9. Real Madrid klubi himoyachisi Marselo 12- raqamda to’p suradi.
  10.  “Saddi Iskandariy “ dostonidagi asosiy voqealar  12-bobdan boshlanadi.
  11.   Z. M . Bobur  dastlab 12 yoshida taxtga o’tiradi.
  12.  Gulxaniy va Turdi Farog’iy  o’n ikkitadan  g’azal yozgan.

 II.O’tilgan mavzular “Faollashtiruvchi cho’plar” usuli yordamida  mustahkamlanadi. Bu usulda o’quvchilarning barchasi qatnashadi, ya’ni cho’plar tarqatiladi, o’quvchilar o’z ismlarini yozib beradilar. Cho’plar idishga to’planadi, ikkinchi bo’sh idishga qatnashgan o’quvchilar cho’pi solib boriladi, dars so’ngida qaysi o’quvchi ishtirok etmagani bilinadi.

“Faollashtiruvchi cho’plar” usulidan foydalanish chog`ida uyga berilgan topshiriqlarni baholab boriladi.

III.Yangi mavzu bayoni. “O’zing angla”  usulidan foydalangan holda bayon etiladi. O`quvchilarga kelishik shakllari uslubiyati  va uning o`ziga xos xususiyatlari haqida yangi bilimlarni egallab kelish topshirilgan edi. Shu asosida fikrlarini eshitib, o`quvchilar fikri o`qituvchi tomonidan yakunlanib, xulosa qilinadi.

Dastlab darslikdagi 1-2-topshiriqlar shartiga ko’ra izohlab o’tiladi.

1-o’quvchi: Kelishik shakllari olti xil bo’lib, belgili va belgisiz qo’llanishi mumkin.

Masalan: Kelinlari aytadi alla(ni), Qo’shiqchisi kuylaydi yalla(ni).                                   2-o’quvchi: Kelishik shakllari qisqargan holda ham qo’llanishi mumkin. Tushum, qaratqich  kelishigi shakllari qisqargan holda qo’llaniladi. Masalan: Tushda ko’rdim yorimi (ni). O’zbekiston – Vatanim manim(ning)

3-o’quvchi: Kelishik shakllari bir- biri bilan ma’nodosh bo’la oladi. Bunda biroz ma’no nozikliklari ham sezilib turadi.

Masalan: Osh yeng- oshni yeng- oshdan yeng.

Tushum kelishigi belgili qo’llanganda , obyektni ta’kidlash ma’nosi ifodalanadi. Belgisiz qo’llanganda esa bu ta’kid yo’qoladi. Chiqish kelishigi qo’llanganda esa obyektning bir qismiga e’tibor qaratilganligi anglashiladi.

4-o’quvchi: Kelishik shakllari deyarli barchasi bir- biri bilan ma’nodosh bo’la oladi.

Masalan: Fikringizni tushunmadim- fikringizga tushunmadim; mehmonlarning biri- mehmonlardan  biri;  teshikka sig’madi-teshikdan sig’madi.

5-o’quvchi: Shuni doimo esda tutish joizki, qaratqich va tushum kelishigi hech qachon bir- biri bilan ma’nodosh bo’la olmaydi. Sababi qaratqich kelishigi otni otga, tushum kelishigi otni fe’lga bog’laydi.Masalan: Ota-bobolarning o’giti, kitobni o’qimoq.

6- o’quvchi:Kelishiklar ko’makchilar bilan ham ma’nodosh bo’la oladi. Bunda ham biroz ma’noviy farq seziladi. Masalan: maktabga ketdi- maktab tomon ketdi.Kelishik bilan ifodalanganda yo’nalish aniq, ko’makchilar bilan ifodalanganda  yo’nalish noaniq bo’ladi.

Tushum kelishigi haqida, to’g’risida ko’makchilari bilan ma’nodosh bo’ladi. Masalan: maqolani gaplashdik – maqola haqida gaplashdik.

Aziz o’quvchilar! Fikrlaringiz juda aniq va to’g’ri deb hisoblayman. Kelishik shakllari va ularning uslubiy xususiyatlari haqida juda chiroyli fikrlarni bildirdingiz. Ularning uslubda farqlanishini ham aytib o’tiladi. Kelishik shakllari belgili qo’llanganda ilmiy uslubga, belgisiz qo’llanganda so’zlashuv uslubiga oid bo’ladi. Masalan: o’rikning danagi, o’rik danak. Qaratqich va tushum kelishigi badiiy uslubda, xususan, she’riyatda –n shaklida qisqargan holda qo’llaniladi hamda matnga ekspressivlik, poetik ohang baxsh etadi. Masalan: Otin(ning)  boshin (ni)  burdi. Kelishik shakllarining  aksariyati ko’makchi bilan ma’nodosh bo’la oladi. Masalan: kitobdan o’rganmoq- kitob orqali o’rganmoq, qalamda yozmoq-qalam bilan yozmoq, onamga olmoq-onam uchun olmoq, futbolni gaplashmoq – futbol to’g’risida  gaplashmoq. Biroq qaratqich kelishigi ko’makchilar bilan hech qachon ma’nodosh bo’la olmaydi.

Darslikdagi 51-52 –mashqlar shartiga ko’ra bajariladi.Darslikdagi mashqlarni bajarish arayonida  sekundomerdan  foydalanaman. Bunda o’quvchilarga 3 minut ajratiladi. O’quvchilar esa mustaqil ish olib boradilar.Bu usul orqali o’quvchilarning  o ’zini o’zi rivojantirish kompetensiyasi shakllanadi. Topshiriq bajarilgach, o’qituvchi izoh berib o’tadi, do’stlar esa bir- birlarining qanday  bajarganliklarini vijdonan tekshirib beradilar. 

Qo’shimcha topshiriq shuki, mazkur rasm asosida kelishik shakllari qatnashtirib , bog’lanishli matn yaratish.

IV. Yangi mavzu “Tarbiyadan ta’limga“ usuli yordamida mustahkamlanadi. Bunda o’quvchilar kelishik shakllari qatnashgan tarbiyaviy ahamiyatga ega gaplardan misollar keltirishadi.( Bu usul orqali o’quvchilar mustaqil fikrlashga o’rganadi hamda tarbiyaga katta e’tibor qaratiladi.)

1-o’quvchi: Ilmdan o’zga najot yo’q. 2-o’quvchi: Har bir insonga(uchun)  kitob– eng noyob tuhfa.3-o’quvchi: Haqiqiy do’stni yomon kunda sinash kerak. 4-o’quvchi: O’quvchining eng asosiy burchlaridan biri- vaqtida ilm egallash.5- o’quvchi: Ustozlarimizdan olayotgan bilimlarimiz biz uchun maktabdir.

Darslikda berilgan lug’at so’zlar ishtirokida ham gaplar tuziladi.

Adiblarimiz kulliyotlari bizlarga meros bo’lib kelmoqda.

Madrasalarda tahsil olayotgan vatandoshlarimiz  diniy va dunyoviy ilmga egadirlar.

Yassaviy maqbarasi qayta ta’mirlanmoqda, shuning uchun har kim o’z hissasini qo’shmog’i lozim. Shu o’rinda  ingliz va rus tillarida kelishik shakllari qatnashgan birikmalardan misollar keltirish o’rinli. ( Har bir darsda  mavzularga bog’lab o’tkazish jarayonida o’quvchilarda chet tillarini  ham mukammal bilish  malakasi shakllanib boradi. O’quvchilarninig yozma savodxonligini rivojlantirish maqsadida   “Savodxonlik daqiqasi”  o’tkaziladi. Bu usulni  kelishik shakllarining qo’llanish o’rinlari  bilan bog’lagan holda olib borish  maqsadga muvofiq. Masalan: tog’ga, bog’ga, qishloqqa, kuchga, sochga, pedagogga, terakka, bilakka, ijodga.( Bu so’zlarning aytilishi va yozilishi farq qiladi). So’zlarning yozilishi slaydda namoyish etiladi. Bunda ham o’quvchilar bir- birlarini xolis baholab  boradi.10-9 ta so’zni to’g’ri yoza olgan o’quvchi 2 ta, 8-7 so’zni to’g’ri yoza olgan o’quvchi 1ta rag’batni qo’lga kiritadi, qolgan o’quvchilarga esa do’stona tanbeh berib o’tiladi.

V. Baholash va rag’batlantirish:O’quvchilar bahosi to’plagan yopishqoq belgilar soniga qarab aniqlanadi.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o`z nutqida “ Bugun kitob o`qiyotgan bitta bola ertaga televizor ko`rayotgan o`nta bolani boshqaradi” deya e’tirof etmoqdalar. Darsda faol ishtirok etgan o’quvchilar badiiy kitoblar bilan taqdirlanadilar.

VI. Uyga vazifa berish: 54- mashqni shartiga ko’ra bajarish. Badiiy asarlardan  kelishik shakllarining  belgili va belgisiz qo’llanishiga misollar keltirish. Qo’shimcha adabiyotlardan foydalanib, keyingi darsga tayyorlanish, Testlar to’plamidan  o’tilgan mavzumizga oid o’rinlarni bajarish va tushunmagan o’rinlarni qayd etib kelish.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Umumiy va o`rta ta`limning ona tili fanidan davlat ta`lim standarti va o`quv dasturi. –Toshkent, 2017
  2. Ona tili darsligi 10-sinf  Mahmudov N va boshqalar ,2018-yil, Toshkent
  3. Internet saytlari: ziyonet.uz, kitob.uz, o`qituvchi.uz